Tomchilab sug'orish tizimi
+998 (90) 037-11-12

Tomchilatib sug‘orishning foydalari nimada?

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tubdan isloh qilish borasida bir nechta me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birgalikda yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni ko‘paytirish, daromadni oshirish, iste’mol uchun sifatli va raqobatbardosh mahsulot tayyorlash talabi ham oshdi.

Lekin suv resurslari cheklanganligi sababli aholi boshiga to‘g‘ri keladigan suv resursi yildan yilga kamayib bormoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatib turubdiki, yillar o‘tishi bilan suvga bo‘lgan ehtiyoj ortmoqda. Shu sababli suvning qadriga yetib, undan oqilona foydalanishimiz, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etishimiz zarur.

Tomchilatib sug‘orish tizimi o‘simlikning suvga bo‘lgan ehtiyojiga teng miqdordagi suvni zarur muddatda uning ildiz qatlamiga yetkazib berishga mo‘ljallangan bosimli sug‘orish tarmog‘idir. Olimlarning ma’lumotlarga ko‘ra, bir sentner paxta hosili olish uchun tomchilatib sug‘orish tizimida egat orqali sug‘orishga nisbatan 1,8-1,9 marta kam suv beriladi. Tomchilatib sug‘orish orqali ekinning ildiz tizimi normal shakllanadi va dalani bir tekisda namlashga erishiladi. Dala qator oralariga ishlov berishga sarflanadigan sarf-xarajat qamayadi.

Tomchilatib sug‘orishda avvalo, tuproqda o‘simlik uchun zarur bo‘lgan maqbul namlikni ushlab turishga erishiladi, suvning quyosh yoki shamol ta’sirida bug‘lanishi oldi olinadi, suv o‘simlik ildiz tizimini namlantirish orqali tuproqdagi namlikni eng maqbul darajasini saqlab turadi. Tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llanilishi natijasida o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosil berishi uchun optimal sharoitlar yaratiladi, ekin turiga qarab, 80 foizgacha suv tejaladi.

Bu usulni dala sharoitida ishlatish orqali tuproqda qatqaloq paydo bo‘lmaydi va o‘simlikning havo almashinuvi yaxshilanadi, kultivatsiya qilishga ehtiyoj bo‘lmaydi. Mineral o‘g‘itning suyuq holatda berish orqali o‘g‘it 50 foizgacha iqtisod qilinadi. O‘simlik ozuqa moddalar bilan yaxshi to‘yinadi, tomchilatib sug‘orishda dala emas, yetishtirilayotgan ekin sug‘oriladi.

Tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llashning asosiy tamoyili suv o‘simlikning faqat ildiziga boradi va o‘simlikning o‘sishini boshqarish imkoniyati yaratiladi. Bunda ekinlar hosildorligini oshirish ko‘rsatkichi 15-30 foizga yetadi. Suvning tashlamaga chiqib ketishini tugatadi va suvdan foydalanish koeffitsiyenti 0,98 gektarga qadar ortadi. Tuproqning tabiiy unumdorligini tiklash va oshirish uchun sug‘orish suvi bilan mineral o‘g‘itlar, mikroelementlar va kimyoviy meliorantlarni dozalangan miqdorda solishga erishiladi.

Tomchilatib sug‘orish usulini bog‘dorchilikda qo‘llashda dalada begona o‘t kamayadi va unga qarshi ishlatiladigan xarajatlar ham qisqaradi. Ko‘p yillik ilmiy tadqiqot ishlarini tahlil qilish orqali tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinganda paxtadan gektariga 50-55 sentner, makkajo‘xoridan 120-130 tonna poya, 25-32 tonna don, pomidordan 130-140 tonna, (ochiq yerda) issiqxonada 500 tonna, uzumdan 5 tonna, olmadan 60 tonna, kartoshkadan 45 tonna hosil olishga erishiladi.

Tomchilatib sug‘orishning asosiy kamchiliklari tomchilatib sug‘orish tizimini qurish katta kapital mablag‘ talab qiladi. Tomizgichlarga suvdagi tuz cho‘kmalari va loyqa tiqilib qoladi, haydaladigan ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimini har yili yig‘ishtirib olish zarur va bu tizimni sho‘rlangan yerlarda qo‘llab bo‘lmaydi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash suv resurslarini tejash va tuproqda zaruriy namlikni yaratish, suv ekin ildiz tizimi joylashgan qismga berish va ekin uchun havo-suv, ozuqa-tuz tartibotini yaratadi. Bu usul bilan sug‘orish rejimini o‘simlikning suvga bo‘lgan talabiga mos bo‘lishi ta’minlanadi. Tomchilatib sug‘orilganda boshqa sug‘orish usullariga nisbatan ekin va tuproq turiga qarab, 20-80 foiz suv tejaladi, moddiy resurslar, qo‘l mehnati, texnika xarajati kamayadi.

Hozirgacha bu usulda faqat toza tindirilgan suvdan foydalanilardi. Loyqa suv bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomchilatib sug‘orish ishlari amaliyotda birinchi marotaba qo‘llanilmoqda. Tajribalar davomida suv miqdori 40 foizga tejaldi. Agar oddiy usulda sug‘organimizda suv sarfi gektariga 4200 metr kubni tashkil etgan bo‘lsa, tomchilatib sug‘orishda suv sarfi gektariga 2500 metr kubga teng bo‘ldi. Olib borilgan tajriba kuzatuvlari va laboratoriya tahlillariga asosan tomchilatib sug‘orish tuproqning haydalma qatlamini birmuncha yumshoq holda saqlaydi. Dalada suvning oqava va filtratsiya uchun yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Turli nishabli yerda ham tuproqni bir xil namlantirishni ta’minlaydi.

Sug‘orishni kam me’yorlarida qo‘llaganda ham ko‘chatning o‘sishi va rivojlanishi jadallashadi. Suv resurslariga bo‘lgan talabning oshib borishi, kutiladigan suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatish, ekin turlaridan yuqori hosil olish va oziq-ovqat dasturlarini bajarish maqsadida hozirgi kunga kelib suv resurslaridan samarali, oqilona foydalanishni davr taqozo qilmoqda.

Ayniqsa, suv resurslarisiz qishloq xo‘jaligi rivojlana olmaydi. Suvni kam sarflagan holda dehqonchilikdan yuqori hosil olish borasida asrlar davomida izlanishlar olib borilgan. Hozirgi kunga kelib olimlar tomonidan ko‘p yillardan buyon suv resurslarini tejash orqali sug‘orishning yangi ilg‘or texnologiyalarini yaratish borasida bir qator izlanishlar olib borilib, amaliyotda qo‘llash natijasida yuqori natijalarga erishilayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz.

AQUAPOLIV.UZ

uz_UZUZ